O‘zbekiston va Koreya: O‘zbekistonda Milliy suv akademiyasi tashkil etiladi

O‘zbekiston va Koreya: O‘zbekistonda Milliy suv akademiyasi tashkil etiladi

– Bu «O‘zsuvta’minot» vakillarining O‘zbekistonda Milliy suv akademiyasini tashkil etish masalasini muhokama qilish uchun Koreyaga qilgan ikkinchi tashrifi bo‘ldi, – deydi Aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati rahbari Akmal Murodov. – Avvalroq, 2020 yilda (9-10 dekabr) buni muhokama qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining birinchi o‘rinbosari, «O‘zsuvta’minot» AJ boshqaruvi raisi Sohib Saifnazarov Koreyaga tashrif buyurgan edi. Bu galgi tashrifning maqsadi – 16-18 dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Koreya Respublikasiga tashrifi oldidan Koreya-O‘zbekiston forumining kun tartibini o‘rganishdir.

Tashrif chog‘ida delegatsiya a’zolari “K-water” Akademiyasining faoliyati to‘g‘risidagi taqdimot va ta’lim infratuzilmasi, shu jumladan, o‘quv markazi, suv tarqatish tarmog‘i markazi, pilot suv tozalash inshootining faoliyati bilan tanishdi.

Bundan tashqari, “K-water” tomonidan suv ta’minoti va oqova suv tizimi sohasiga oid maxsus o‘quv dasturini O‘zbekistonda joriy etish bo‘yicha kelgusi chora-tadbirlar rejasini amalga oshirish masalalarini muhokama qilishga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Ushbu tashrif, O‘zbekiston va Koreyaning suv ta’minoti sohasidagi hamkorligi yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Nilufar Bozorova, O‘zA