Ozarbayjon Milliy san’at muzeyi bilan hamkorlik o‘rnatildi

Ozarbayjon Milliy san’at muzeyi bilan hamkorlik o‘rnatildi

Mazkur yig‘ilishda mutasaddilarga muzeylar faoliyatini yaxshilash, ko‘rgazmalarini kengaytirish va turistlar uchun yangi yo‘nalishlar ochish yuzasidan ham ko‘rsatma berildi. Ma’lumki, yurtimiz muzeylari uchun malakali mutaxassislar tayyorlovchi yagona oliy ta’lim muassasasi bo‘lmish Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida Muzeyshunoslik ta’lim yo‘nalishi o‘z faoliyatini 1997 yildan boshlagandi.

2001 yildan esa kafedra sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Institut tomonidan ushbu yo‘nalishni rivojlantirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston davlat san’at muzeyi hamda O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi bilan mazkur maskanlarda Muzeyshunoslik kafedrasining filiali tashkil etildi.

Shuningdek, I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi bilan ham memorandum asosida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Kafedra professor-o‘qituvchilari dunyoning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalari va muzeylarida bo‘lib, malaka oshirmoqda.

Boshqa sohalarda bo‘lgani kabi muzeyshunoslik sohasi rivojida ham ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish, eng muhim jihatlarini amaliyotga tatbiq etish muhim ahamiyat kasb etadi. Shuni inobatga olgan holda, institutda Ozarbayjon Milliy san’at muzeyi direktori, Ozarbayjonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, professor Chingiz Farzaliyev bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Dastlab mehmon o‘quv ustaxonalarida mutaxassislik fanlaridan o‘tilayotgan dars jarayonlari bilan tanishib, professor-o‘qituvchilar va talabalar bilan suhbatlashdi. Shuningdek, inste’dodli talaba-yoshlar tomonidan tashkil etilgan tasviriy va amaliy san’at asarlari ko‘rgazmasini ham tomosha qildi.

Shundan so‘ng institutda faoliyat olib borayotgan soha mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar va magistratura mutaxassisliklarida tahsil olayotgan talabalar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv avvalida institut rektori Nodirbek Sayfullayev O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarining do‘stlik va birdamlik aloqalari ming yillardan buyon davom etib kelayotgani, so‘ngi yillarda esa bu aloqlar yanada mustahkamlanib, ko‘lami yanada kengayib borayotganini, xususan, san’at va madaniyat va uning tarkibiy qismi bo‘lmish badiiy ta’lim sohasida bu hamkorlik natijalari yaqqol ko‘zga tashlanayotganini ta’kidladi.

Chingiz Farzaliyev ham institut rahbariyatiga samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirar ekan, Ozarbayjonda o‘zbek san’ati va madaniyati doimo yuksak qadrlanishini, o‘zi ham yurtimizda bo‘layotgan o‘zgarishlarni kuzatib borishini, so‘ngi yillardagi o‘zgarishlarni ko‘rib juda ham mamnun bo‘lganini alohida e’tirof etdi. Shuning barobarida institutning o‘quv-ijodiy ustaxonalarida olib borilayotgan dars jarayonlari, tashkil etilgan ko‘rgazma unda katta taassurot qoldirganini ta’kidladi.

Shuningdek, uchrashuv ishtirokchilari tomonidan bugungi kun jahon muzeyshunosligida yuz berayotgan o‘zgarishlar, soha oldida turgan dolzarb muammolar, o‘zaro hamkorlikda amalga oshiriladigan vazifalar yuzasidan berilgan savollarga ham atroflicha javob berdi.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hamda Ozarbayjon Milliy san’at muzeyi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Unga ko‘ra, kelgusida hamkorlikda qo‘shma loyihalar yaratish va amalga oshirish, birgalikda ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish, dolzarb muammoli mavzular bo‘yicha ilmiy ishlar tayyorlash va nashr etish, seminar va konferensiyalar tashkil etish, institut pedagog xodimlarining stajirovkasi, kasbiy va malakaviy amaliyotlarini Ozarbayjon Milliy san’at muzeyida tashkil etish kabi vazifalar ko‘zda tutilgan.

N.Usmonova,O‘zA