Buyuklik yo‘li yoxud dunyoni titratgan turkiy hukmdor Amir Temurning ulug‘ligi nimada?

Buyuklik yo‘li yoxud dunyoni titratgan turkiy hukmdor Amir Temurning ulug‘ligi nimada?

Qadim o‘zbek yurti jahonda dong taratgan mashhur shaxslarni yetishtirib chiqargan tabarruk zamindir. O‘zbekxon, To‘xtamishxon, Abulxayrxon, Amir Temur, Shayboniyxon, Bobur, Abdullaxon 11, Ubaydullaxon singari buyuklik shohsupasini egallagan o‘nlab insonlar Movarounnahrda kamol topganligidan haqli ravishda faxrlanamiz. Ular orasida tarixda katta iz qoldirgan va eng mashhurlardan biri Amir Temurdir.

Bu xususda so‘z ketganda, avval ulug‘ hukmdorning tarjimayi holi haqida to‘xtalib o‘tish o‘rinlidir. Negaki buyuk shaxslarning bosib o‘tgan hayot yo‘li ham o‘ziga xos. Amir Temur 1336-yil 9-aprelda Shahrisabzdagi Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida tug‘ilgan. Lekin ilmiy adabiyotlarda uning tug‘ilgan joyi va sanasi to‘g‘risida turlicha fikrlar mavjud. Ayrimlar uni 7-aprelda tavallud topgan deb ham yozishgan. Ba’zilar esa ulug‘ hukmdor hozirgi Yakkabog‘ tumani hududida tug‘ilgan degan g‘oyani ham ilgari surishadi. Hatto professor Poyon Ravshanov Amir Temurni Muborak tumanidagi Zanjirsaroy degan joyda tavallud topgan deya adabiyot gazetasida bir sahifa material e’lon qilgan edi. Aslida Sohibqironning qachon va qayerda tug‘ilganligi unchalik muhim emas, eng asosiysi, uning yurtimiz va dunyo tarixida juda katta iz qoldirganligida.

Otasi – Bahodir Tarag‘ay. Uning turkiy elatlarning barlos urug‘idan ekanligi ko‘pchilikka ayon. Amir Temur yigirma to‘rt yoshda bo‘lganida, ya’ni 1360-yilda otasidan ayrilib qoladi. Onasi Tekina xotun, kelib chiqishi Buxorolik bo‘lgan.

Mironshoh, Shohruh mirzo, Jahongir mirzo, Umarshayx – sohibqiron o‘g‘illaridir.

Amir Temur yoshligidanoq g‘ayratli, jang san’atiga qiziqadigan jasur yigit bo‘lib yetishdi. Hatto qilichbozlik, chavandozlik bilan ovchilik sir-sinoatlarini puxta egallab oldi.

Sohibqiron amalga oshirgan ulkan bunyodkorlik ishlari haqida ancha to‘xtalish mumkin. Xususan, Samarqandda qurgan ulkan imoratlarni aytmaysizmi? O‘tgan yilning oxirlarida O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi tashabbusi bilan ikki kun mobaynida Samarqand shahrini tomosha qilganimizda, bunga yana bir karra guvoh bo‘ldim. Mahobatli Registon maydonidan boshlangan ziyoratimiz ikki kunga cho‘zildi. Tavba, bundan olti-yetti asr avval qad rostlagan, osmonga bo‘y cho‘zgan imoratlarni ko‘rib hayratingiz oshadi. O‘sha paytda yashagan xattotlar, me’morlar mahorati-yu aql-u zakovatiga tasannolar aytging keladi. Go‘ri Amir, Bibixonim madrasalari har kuni minglab yurtimiz va chet ellik sayyohlarning sevimli manziliga aylangan. Buyuk hukmdor Shahrisabzda ham ulkan imoratlar qurganligi tarixiy kitoblardan ma’lum. Eng asosiysi, Samarqandda qad rostlagan masjid-u madrasalar bir necha asrlardan buyon kishilarni lol qoldirayotganligi bejiz emas.

Bundan tashqari, Amir Temur Samarqand atrofi va boshqa joylarda bog‘-rog‘lar yaratganligi ham diqqatga sazovordir.

1370-yilda Sohibqiron Amir Husaynga qarshi jangga otlandi. Amir Temur askarlari Termiz yaqinidagi Biyo qishlog‘iga kelganida tarixiy voqea ro‘y beradi. Sayyid Baraka Sohibqironning rejasini ma’qullaydi va unga oliy hokimiyat ramzi hisoblangan tabl hamda bayroqni in’om qilgan. Bir necha kunlik qamaldan so‘ng, amir Husayn qo‘shini taslim bo‘ldi. Amir Husayn esa qatl qilindi. Shundan keyin Amir Temur aprel oyida Balx shahrini egallaydi.

Sohibqiron Chingiziylar avlodlaridan bo‘lgan, mashhur shaxs, Qozonxonning qizi – Saroymulkxonimga uylanadi.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi, ayni paytda xalqaro Amir Temur jamg‘armasi rahbari, olim va shoir Muhammad Alining «Ulug‘ saltanat» epopeyasini o‘qisangiz, Amir Temurning o‘g‘illari amalga oshirgan katta ishlar, ayrim yo‘qotishlar, nuqsonlar, muvaffaqiyatlar haqida keng tasavvurga ega bo‘lasiz. Chunki Muhammad Ali Amir Temurning to‘rt o‘g‘lining har biri haqida bittadan roman yozib, ularning siyosiy-ijtimoiy hayotda tutgan roli haqida badiiy obrazlar orqali hikoya qilgan. Vengriyalik sharqshunos va sayyoh-olim Vamberi «Buxoro yoxud Movarounnahr tarixi» kitobida quyidagilarni yozgan edi. ”Temur vorislari jahongirlik maydonida o‘zidan ilgari o‘tgan mo‘g‘ul avlodlaridek baxtli bo‘la olmadi. Mo‘g‘ul hukmdori katta bir mamlakatning asosini qurdi, uni kuchaytirish hamda kengaytirishni o‘g‘illari va nevaralarining zabardast qo‘liga topshirdi.Temur esa hokimiyatning binosini yuksak ko‘tardi, ammo uning farzandlari va vorislari kuchli suyanchiq bo‘lish o‘rniga, noahillik va o‘zaro urushlar qilib, bu imoratning nurashi va yemirilishiga olib keldilar.Chingiziylar O‘rta va g‘arbiy Osiyoda ikki asrga yaqin hukm surdilar.Temurning vorislari esa, garchi ular orasida hokimiyat ishlaridagi mahorati, porloq iste’dodi va olijanobligi bilan kelajak nasllarni uzoq davr hayratga soladigan zotlar bo‘lsada, saltanatni atigi bir asrga yaqin boshqarib turdilar, xolos. Bu fikr shundan dalolat beradiki, ulug‘ hukmdorning vorislari Amir Temur kabi buyuk bo‘la olmadilar va saltanatni uzoq vaqt mobaynida o‘z qo‘l ostida saqlab turish baxtiga muyassar bo‘lishmadi.

Amir Temur asos solgan feodal davlat 1370-yildan to 1506-yilgacha dunyo xaritasidan o‘rin oldi. Poytaxti Samarqand bo‘lgan bu davlatdan ko‘plab olimlar, shoirlar, san’at namoyondalari yetishib chiqqanligi diqqatga sazovordir. Xarakterli jihati shundaki, bu yirik davlatning dastlab hududi ancha keng bo‘lgan. Aniqrog‘i, bu davlat faqat Movarounnahr-u Xorazmdangina iborat emas edi. Hatto Eron, Iroq, Ozarboyjon, Shimoliy Hindiston kabi 20 dan ortiq mamlakat ham ana shu davlatga bo‘ysundirilgandi.

O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron tarixiy mavzularda yozishga qiziqadi. U Sohibqiron va uning avlodlarining Samarqanddagi hayoti va faoliyati haqida hikoya qiluvchi qiziqarli maqolalar yozganligi bejiz emas. Shoir quyidagi voqeani alohida ta’kidlagan.”Amir Temur o‘zini qarshilashga chiqqan xaloyiq shovqin-suroni, karnay-surnay jarangosi ostida Hindiston xazinasi ortilgan fillar karvonini boshlab, shaharga kirib kelgach, haybatli bino madrasa ekanini va uni suyukli xotini Bibixonim tiklatganini eshitibdi. So‘ng ichgan qasamidan pushaymon bo‘lib, nima qilishni bilmay qolibdi. Vayron qilib tashlay desa, Bibixonim ranjiydi, buzmasa, qasam urishidan qo‘rqadi. U bu mahobatli binoni kim qurdi, nega mendan beruxsat tikladi deya jahli chiqibdi. Axir, bu binoni buzdirib, joyiga qovun-tarvuz ekdiraman deb qasam ichgandi-da.

Amir Temurning bu holatini Sohibqiron janglarini kitob qilib yozib yurgan muarrix sezibdi. Birga yuraverib, Amir Temur ko‘nglidagi gaplarni bilib turar ekan. Bilib, oqil maslahatlar berarkan. Shuning uchun hukmdor uni vaziridan ham a’lo ko‘rarkan. Mana shu muarrix o‘z hukmdoriga ta’zim bajo qilib, shunday debdi.

– Ey mamlakat ustuni, ontingizni bajarishning chorasi bor!

Amir Temur «xo‘sh» degandek unga tikilibdi.

– Buning uchun madrasa tomiga tuproq chiqarib, qovun-tarvuz ekasiz.Pishgach, malikamiz bilan maza qilib yeysiz – mana shu ichgan qasamingizning bajosi bo‘ladi.

Shunday qilib, Amir Temur cholning taklifini amalga oshiribdi. Dono Amir Temur umr yo‘ldoshi Bibixonimni nihoyatda yaxshi ko‘rganligi sababli tadbir topib, qasam balosidan omon qolgan ekan. Uzoqni ko‘rib ish yuritadigan, tadbirkor va aqlli Amir Temur hayoti va faoliyatidan bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.

Sohibqiron bilan gurunglashish baxtiga muyassar bo‘lgan mashhur arab faylasufi Ibn Xaldun Amir Temurga xos xislatlar, uning ajoyib fazilatlari haqida maroq bilan hikoya qiladi.

Buyuk hukmdorning «Temur tuzuklari» asari esa o‘sha davr ijtimoiy-siyosiy hayotining o‘ziga xos yilnomasidir. Sohibqironning bu kitobi dunyoning juda ko‘p tillariga tarjima qilingan.

Amir Temur 1405-yilda O‘trorda vafot etdi. U Xitoyni zabt etish uchun yo‘lga chiqqan edi. Ammo bevaqt o‘lim uning bu rejasi amalga oshmay qolishiga sabab bo‘ldi.

Ulug‘ sarkarda, kuchli markazlashgan davlatning buyuk asoschisi Amir Temur hayoti va faoliyati haqida ko‘plab asarlar-u badiiy, hujjatli filmlar yaratilgan. Romanlar, dramalar, dostonlar va she’rlar yozilgan. Bundan tashqari, birgina o‘zbek xalqi emas, butun dunyo ahli Sohibqiron tug‘ilgan 9-aprel kunini har yili katta hurmat, ehtirom, shod-u xurramlik bilan nishonlaydi.

Ulug‘ sarkarda, benazir hukmdor, markazlashgan yirik davlat asoschisi Amir Temurning hayot yo‘li doimo mardlik va jasoratning, vatanga halol xizmat qilishning yuksak namunasi bo‘lib qolaveradi.

Jovli Xushboq, yozuvchi