«Parij-2024» o‘yinlarida o‘zbekistonlik 3 nafar futbol hakami ishtirok etadi

«Parij-2024» o‘yinlarida o‘zbekistonlik 3 nafar futbol hakami ishtirok etadi

FIFA Hakamlar qo‘mitasi "Parij-2024" Olimpiya o‘yinlarining futbol musobaqalaridagi o‘yinlarni boshqarishda ishtirok etadigan 45 davlatdan 89 nafar hakamlar ro‘yxatini e’lon qildi.

Olimpiya o‘yinlarini boshqarib borishda 21 nafar hakam ishtirok etsa, ularga qanotlarda 42 nafar, videoo‘yin rasmiysi sifatida 20 nafar va yordamchi hakam vazifasida 6 nafar hakam ishtirok etishi belgilandi.

E’tiborli jihati, FIFA e’lon qilgan "Parij-2024" futbol hakamlari ro‘yxatida o‘zbekistonlik hakamlar nomi ham qayd etildi.

O‘zbekistonlik FIFA referisi Ilgiz Tantashev ro‘yxatdagi 21 nafar bosh hakamlar qatorida o‘yinlarni boshqarib borishda ishtirok etishi tasdiqlangan. Shuningdek, Olimpiya o‘yinlarining qanot hakamlari sifatida harakatlanadigan 42 nafar hakamlar qatoridan hamyurtlarimiz Andrey Sapenko hamda Timur Gaynullin faoliyat yuritishi nazarda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, "Parij-2024" Olimpiya o‘yinlarining ayollar futboli musobaqalari joriy yilning 25-iyulidan boshlanib, 10-avgustga qadar davom etadi. Erkaklar o‘rtasidagi futbol bahslari esa 24-iyul-9-avgust kunlari tashkil etiladi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA