O‘zbekistonning yosh dzyudochilari tarixiy g‘alabaga erishishdi

O‘zbekistonning yosh dzyudochilari tarixiy g‘alabaga erishishdi

Livan poytaxti Bayrut shahri mezbonligida o‘tgan dzyudo bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo-Okeaniya chempionati hamyurtlarimiz uchun kutilganidan ham omadli keldi.

Xabar berganimizdek, o‘smir dzyudochilarimiz 9 ta oltin, 5 ta kumush, 5 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallagan edi.

[O‘zbekistonning yosh dzyudochilari tarixiy g‘alabaga erishishdi]

O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yoshlarimiz ham ikki kunlik murosasiz bellashuvlar yakunida qit’ada birinchi bo‘lishdi. Iqtidorli sportchilarimiz 7 ta oltin, 2 ta kumush, 6 ta bronza, jami 15 ta medal bilan 15 davlat orasida umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni band etishdi.

To‘rt kun davomida Bayrutda 16 marotaba O‘zbekiston madhiyasi yangradi. E’tiborli jihati, yosh sportchilarimiz mamlakatimiz dzyudosi tarixida yangi sahifa ochdi.

– Quvonchlisi, yildan yilga yurtimiz dzyudochilarining xalqaro maydondagi g‘alabalari son va sifat jihatdan yangi bosqichga chiqib bormoqda. Bu, yurtimizda mazkur sport turi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, seleksiya ishlari, chempionat va turnirlarni tashkil etilishi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib borilayotganligidan dalolat. Bayrutdagi g‘alabalarni tarixiy, deyishga barcha asoslarimiz bor. Zotan, shu paytgacha mamlakatimizning yosh sportchilari yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi chempionatda bu qadar ko‘p medallarga va umumjamoa hismobida birinchi o‘rinni egallamagan edi, –dedi yakkakurash sport turlari bo‘yicha tajribali mutaxassis, O‘zbekiston milliy universiteti jismoniy madaniyat fakulteti o‘qituvchisi Shahobiddin Bobonov.

Chempionat yakunidagi medallar sarhisobiga binoan, Qozog‘iston terma jamoasi 3 ta oltin, 1 ta kumush, 5 ta bronza medali bilan ikkinchi o‘rinni, 2 ta oltin, 5 ta kumush, 4 ta bronza medali bilan Janubiy Koreya terma jamoasi uchinchi o‘rindan joy olishdi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA