Kun bilan tun teng bo‘ldi, ko‘rdim jamoling, Navro‘z!

Kun bilan tun teng bo‘ldi, ko‘rdim jamoling, Navro‘z!

Bahor yaqinlashgani sayin qalbingiz ishq tuyg‘ulariga to‘ladi, kengliklarni qo‘msaysiz, o‘tgan qadrdonlarni eslaysiz, bobo quyosh qadar qadimiy xalqimizning o‘tmish ohanglari yuragingizga hayajon soladi. Ko‘klamda yuraklar uyg‘onib, kurtaklar izhorga lab juftlaydi, chuchmomalar, qo‘zigullar quyoshga yuz ochadi. Alvon tuyg‘ulardan yalov osgan qizg‘aldoqlar bayoti erib, satrlarga quyiladi.

Navro‘z arafasida Qashqadaryo vohasidagi qishloqlarga chiqdim. Bahorning lutfi, tarovatini tomosha qilib, giyohlarni ko‘zimga surtdim. O‘zimcha cho‘ponlar bilan suhbat qurgan bo‘ldim.

– Nasib bo‘lsa, bu yil bahor barakali keladi, yaylovlarda o‘t mo‘l, mollar semiryapti, – deydi xush kayfiyat bilan Dehqonobod tumanidagi “Oqirtma”lik cho‘pon Nortaji Qirasharov. – Bilsangiz, biz cho‘ponlar osmonga qaragan xalqmiz. Qor va yomg‘irdan doim umidvormiz. Chorvamizni va o‘zimizni taqdirimiz shu o‘zgaruvchan tabiatga bog‘liq.

Manglayga kaft qo‘yib, keng adirga qarayman. Isiriq, qo‘zigul isi aralashib ketgan yoqimli hidni faqat shu dashtlarda tuyasiz. Chuchmoma va qizg‘aldoqdan to‘shalgan gilamlar o‘zgacha kayfiyat beradi odamga. Bu zaminning qo‘y-qo‘zisi maysa aralash gul iste’mol qiladi. Shuning uchun ham go‘shti totli. Gulning ham ming xilini uchratasiz: qizg‘aldoq, qo‘yzira, sariq chuchmoma, bo‘tako‘z, toshbaqagul, binafsha, qo‘zigul, sariq gul, elboha...

– Qishloq urf-odati haqida ozgina so‘zlab bersangiz, – deyman dasht tomonlarda toblangan, qo‘llari barkashday cho‘pon yigitga yuzlanib.

Suhbatdoshim qora qumg‘onda g‘arg‘ara qilayotgan qaynoq suvdan achchiq choy damlayotib, o‘ylanib qoladi va kulimsirab deydi:

– Tog‘da yashaydigan qo‘ng‘irot ayollari milliy libosidan boshlayman unda. Bir vaqtlar momolarimiz boshlariga baland dastor (yoshlar qizil alvon, keksalar oq matodan) o‘rab yurgan. Dastor to‘rt-besh metr gazlamadan iborat bo‘lgan. Kelinlar boshiga silsila, bo‘yniga hapamat, bezmat, qo‘llariga qator-qator uzuk va bilaguzuklar taqishgan. Salla ustidan yo‘l-yo‘l gazmoldan tikilgan, yozda salqinni ushlab, qishda sovuqdan himoya qiladigan jelak yopinishgan. Hozir ham bu ananalar qo‘ng‘irot ayollarimiz orasida saqlanib qolgan.

Nortaji cho‘ponning gaplaridan keyin qishloq hayotiga qiziqishim tobora ortadi.

– Cho‘ponlarning ko‘p vaqti yaylovda kechadi, otarni haydab uzoqroqqa ketganda nima tanovul qilishadi ular?

– Odatda, cho‘ponlar sharoitga qarab, tez va oson pishadigan taom tayyorlashadi. Masalan, kosaga yarimta non, bitta piyoz to‘g‘raladi, bir qoshiq yog‘, ta’bga ko‘ra tuz va murch tashlangach, ustidan qaynoq suv quyiladi. Ayrimlar shunga ozgina qatiq ham qo‘shadi. Qarabsizki, yegulik tayyor-da. Yoki qovurilgan go‘sht salgina ilitilib, yog‘i erigach, bemalol iste’mol qilaverasiz. Bular eng osoni, ya’ni qozonsiz tayyor bo‘ladiganlari. Lachirli sho‘rva, ichak kabob... O! bu taomlarni yemabsiz, dunyoga kemabsiz.

Qishda cho‘ponning qo‘rasiga ba’zan bo‘ri «mehmon» bo‘lsa, yozda esa chayon va soya izlagan o‘q ilonlar o‘zini o‘tovga uradi. Lekin shu sharoit cho‘ponlar uchun ko‘nikma hayot, taqdir.

Mezbonning qo‘nalg‘asidan olislay turib, katta shaharlarda internet yarim soatga ishlamasa, TV kabeli o‘chib qolsa, taksi kechiksa... yuzaga keladigan betoqatliklar haqida o‘yladim. Inson shularsiz ham yashasa bo‘larkan-u. Aylanib-aylanib, sayxonlikdagi Navro‘z tantanasi ustidan chiqaman. Baxshi qo‘liga do‘mbirasini olib, bahordan ilhomlanib, xirgoyi qiladi:

Kun bilan tun teng bo‘ldi, ko‘rdim jamoling, Navro‘z,

Olam yog‘duga to‘ldi, esdi shamoling, Navro‘z.

Bulutlar olaquroq, yashinlar chaqar chaqmoq,

Osmonlarga tutashgan shahding, zalvoring, Navro‘z.

Sen bilan kirdi Hamal, og‘ochlar qildi amal,

Beqiyos-u, mukammal ezgu a’moling, Navro‘z.

Bayramlarning vaqtidir, g‘animati, naqdidir,

Elim-yurtim baxtidir olamda boring, Navro‘z!

Qishloq ahli dasturxonga taklif qilishadi. Qaynatilgan, qovurilgan qo‘y go‘shti, ko‘k patir va sumalak dasturxonga o‘zgacha ko‘rk berib turibdi. Maydonda kurash, chillik, beshtosh, xo‘roz urishtirish avjiga chiqadi.

Keksalar bahorga, Navro‘zga yetkazgani uchun yaratganga shukrona keltiradi. Bu ayyom har bir xonadonga, har bir qalbga shodlik ulashadi. Olam gulga burkanadi.

Hayajon bosadi demoqlikka so‘z,

Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!

Satrlar quyilib kela boshlaydi…

O‘tkir Alimov,

O‘zA