Fransiyada milliy san’atimiz yuksak qadrlanadi

Fransiyada milliy san’atimiz yuksak qadrlanadi

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Fransiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Oreliya Bushez bilan uchrashdi.

Uchrashuvda so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari barcha sohalar qatori madaniyat va san’at sohasida ham tobora rivojlanib borayotgani qayd etildi.

Xususan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga, Fransiya Prezidentining yurtimizga amalga oshirgan tashriflari doirasida erishilgan kelishuvlar, o‘tkazilgan qator madaniy tadbirlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar rivojiga xizmat qilayotgani va bu borada madaniyat sohasining o‘rni va roli katta bo‘layotgani e’tirof etildi.

Uchrashuv davomida 2024-yilda Fransiyada “O‘zbekiston madaniyati kunlari“ni tashkil etish, O‘zbekiston hamda Fransiya Madaniyat vazirliklari o‘rtasida 2024–2026-yillarga mo‘ljallangan madaniy hamkorlik dasturini imzolash, kino sohasida hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma kinoasarlar yaratish kabi qator masalalar yuzasidan fikr almashildi. Zero, ushbu xorijiy davlatda milliy san’atimiz yuksak qadrlanishi ko‘plab madaniy-ma’rifiy tadbirlar davomida o‘zining yorqin isbotini topgan.

O‘zbekiston tomoni bu yili o‘tkaziladigan “Lazgi” raqs festivali, “Maqom” xalqaro anjumani va “Sharq taronalari” musiqa festivalida fransuz san’atkorlarini ham faol qatnashishga undadi.

N.Usmonova,

O‘zA