O`zbekistonda IT sohasida yaratilayotgan imkoniyat va qulayliklar yuqori baholanmoqda

O`zbekistonda IT sohasida yaratilayotgan imkoniyat va qulayliklar yuqori baholanmoqda

“Raqamli O‘zbekiston-2030” milliy strategiyasidan kelib chiqib, respublikamiz 2030-yilgacha 5 milliard dollarlik IT-xizmat eksport qilishdek ulkan maqsadni ko‘zlagan. Bu 2023-yilga nisbatan 14,5 barobar ko‘p.

Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan “Offshore Outsourcing Tour” xalqaro ITES tadbiri ham ayni shu maqsadlarni amalga oshirishga xizmat qiladi. Zero, bu anjuman xalqaro kompaniyalarga respublikamizning axborot texnologiyalari va autsorsing sohasidagi salohiyati, shuningdek mamlakatga sarmoya kiritish uchun hukumat tomonidan yaratilgan imkoniyat va chora-tadbirlarni keng namoyish etish imkonini beradi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda “IT Park Uzbekistan” tomonidan tashkil etilgan, bugun Toshkentda boshlangan mazkur tadbir 19-20-mart kunlari Samarqand shahrida davom etadi.

Darhaqiqat, so‘nggi yillarda O‘zbekiston kompaniyalarga misli ko‘rilmagan soliq imtiyozi, bojxona preferensiyasi, kuchli infratuzilma bilan ta’minlangan noyob qo‘llab-quvvatlash dasturlari taklif etmoqda. Jumladan, IT-autsorsing sohasi ham yurtimizda eng istiqbolli yo‘nalishlardan biriga aylanib boryapti.

Mazkur chora-tadbirlar ijobiy natijasi allaqachon ko‘zga tashlangan. IT-xizmat eksporti 2017-yildagi 600 ming dollardan 2023-yil 344 million dollarga ko‘tarildi. Xorijiy kapital ishtirokidagi IT Park rezidentlari soni oxirgi ikki yil 20 barobar ko‘payib, 464 kompaniya birligiga yetdi.

– Bugungi tadbirga 32 davlatdan kelgan ikki yuzdan ziyod mehmon O‘zbekiston IT sohasi rivojlanishi jarayoniga jiddiy qiziqish bildirmoqda, – deydi “IT Park Uzbekistan” direktori o‘rinbosari Jahongir Rajabov. – E’tiborli jihati shundaki, mazkur forum joriy yil yakuniga qadar IT eksportini 50 million dollar oshirish uchun zamin yaratadi. Shu bilan birga iqtidorli yoshlarimizni ish bilan ta’minlash, xizmat eksportini oshirish, soha taraqqiyoti yo‘lida yangi imkoniyatlar yaratishga xizmatqiladi.

Tadbir doirasida xalqaro kompaniyalar vakillari mamlakatimiz IT industriyasi bilan yaqindan tanishdi. Bunday tadbirlarni diyorimizda yiliga 2-3 marta o‘tkazish rejalashtirilgan. O‘tgan yilgi anjumandan so‘ng ko‘plab xorijlik tadbirkorlar yurtimizda ish boshladi. Natijada IT eksporti miqdori 344 million dollarga yetdi.

“Offshore Outsourcing Tour” forumida Yevropa davlatlari, AQSH, Yaponiya, Janubiy Koreya, Birlashgan Arab Amirliklaridan 200 dan ko‘p xorijiy kompaniya va tashkilot vakillari ishtirok etmoqda. Xalqaro ekspertlar respublikamizda soha rivoji uchun yaratilayotgan imkoniyat, qo‘shma dasturlar va qulayliklarni yuqori baholamoqda.

– Biz global konsalting korxonasi sifatida, asosan, investorlar bilan ishlaymiz, – dedi “North-west Evrope lead” kompaniyasi vakili Rajarshi Chakraboti. – Hozir Notr-Dam, Kiyev va Dubay shaharlarida ofisimiz bor. Markaziy Osiyo, ayniqsa O‘zbekiston bozoriga kirish uchun bu tadbir juda muhim. O‘zbekistonlik faol, izlanuvchan, iqtidorli yoshlar jahon bozori uchun malakali kadrlar bo‘la oladi. Eng muhimi, davlatingiz IT sohasi bo‘yicha yuksak salohiyatga ega. Bularning bari kelgusi hamkorlik uchun muhim. Aytish mumkinki, O‘zbekiston soha taraqqiyotidagi oltin davrini boshdan kechiryapti.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, “IT Park Uzbekistan” bosh direktori Farxod Ibragimov va Jahon bankining respublikamizdagi vakili O‘zbekistonning global biznes yuritish uchun afzal jihatlari haqida so‘z yuritdi. Jumladan, malakali kadrlar, soliq imtiyozi, qo‘llab-quvvatlash dasturlari, IT-viza, biznes yuritish qulayligi xususida batafsil ma’lumot berildi.

Forum doirasida ta’lim yo‘nalishida iste’dodlarni shakllantirish, innovatsiya, ITES biznesining o‘ziga xos xususiyati va turlari tavsifi, shuningdek autsorsing ekotizimi taqdim etilishi mavzulari muhokama etilib, qizg‘in munozaralar kechdi.

Poytaxtda mo‘ljallangan tadbirlar yakunida ishtirokchilar mahalliy IT ta’limi muassasalari va ITES korxonalaridagi rezidentlar faoliyatini ko‘zdan kechirib, mutaxassislar bilan yaqindan tanishdi. Hamkorlik istiqboli tahlil qilindi.

Samarqandda “Offshore Outsourcing Tour” doirasida xorijlik mutaxassislar O‘zbekiston IT-autsorsing bozorini o‘rganishi maqsadida davra suhbati tashkil etiladi. An’anaga ko‘ra, delegatlar uchun Samarqand shahri bo‘ylab sayohat uyushtiriladi.

Go‘zal Sattorova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA