USAID O‘zbekistonda biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi loyihani ishga tushirdi

USAID O‘zbekistonda biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi loyihani ishga tushirdi

Namanganda AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning O‘zbekistonda barqaror va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga qaratilgan innovatsion tashabbusi – “Biznesni qo‘llab-quvvatlash loyihasi” (BSP) taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Unda USAID to‘rtta asosiy yo‘nalish – axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT), turizm, tekstil va yashil iqtisodiyotda kichik va o‘rta bizneslarning raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha besh yillik tashabbusni amalga oshirishini e’lon qildi.

Loyiha xususiy sektor o‘rtasida investitsiyalarga ko‘maklashish va ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashni ko‘zda tutadi.

– Ushbu tashabbus inklyuziv va barqaror kelajak yo‘lidagi umumiy intilishlarimizning muhim tamal toshi hisoblanadi, - deydi USAIDning Biznesni qo‘llab-quvvatlash (BSP) loyihasi rahbari Milo Stevanovich. – Rivojlanish yo‘lidagi muhim to‘siqlarni bartaraf etish va xususiy sektor faolligini qo‘llab-quvvatlash orqali biz biznesda, ayniqsa ayollar va yoshlar boshchiligidagi korxonalar uchun yangi imkoniyatlar yaratishni maqsad qilganmiz.

BSP doirasida loyihalarni hamkorlikda moliyalashtirish yillik dastur bayonoti e’lon qilindi. U mahalliy korxonalarga grantlar, moliyaviy yordam ajratish va loyiha maqsadlariga mos keladigan tashabbuslarni amalga oshirishda ko‘mak beradi.

Marosimda viloyat IT kompaniyalari faoliyatini yangi darajaga ko‘tarish, yangi bozorga kirishda ko‘maklashish, Axsikent arxeologiya parkini rivojlantirishda innovatsion yechimlar ishlab chiqish borasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Kelgusi loyihalarda namanganlik dasturchilarni ilg‘or xorij tajribasini o‘rganishi uchun sharoit yaratish, turizm rivojiga turtki beruvchi g‘oyalarni hayotga tadbiq etish borasida fikr almashildi.

Hotam MAMADALIEV,O‘zA