O‘zbekiston – Ozarbayjon: media sohasida hamkorlik rivojlanmoqda

O‘zbekiston – Ozarbayjon: media sohasida hamkorlik rivojlanmoqda

Mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan “Ozarbayjon jurnalistlari tarmog‘i” nodavlat notijorat tashkiloti raisi Ayaz Mirzayev, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolarga xizmatlar va ijtimoiy innovatsiyalar davlat agentligining jamoatchilik bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Elnur Niftaliyev O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov va mas’ullar bilan uchrashdi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlar ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti, ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro do‘stona aloqalar bugungi kunda barcha sohalarda izchil rivojlanayotgani, an’analar, ma’naviy qadriyat va madaniyatlarimiz mushtarakligi e’tirof etildi. Shuningdek, mamlakatlarimiz ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, soha vakillarining o‘zaro tajriba almashishini ta’minlash kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.

“Ozarbayjon jurnalistlari tarmog‘i” nodavlat notijorat tashkiloti raisi Ayaz Mirzayev O‘zbekiston va Ozarbayjon OAV o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, ikki mamlakat jurnalistlarining hamkorligi istiqbollari, ularning tajriba almashinuvini samarali yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi.

Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi bilan “Ozarbayjon jurnalistlari tarmog‘i” o‘rtasida hamkorlik kelishuvi loyihasini birgalikda tayyorlash, takomillashtirish va kelgusida imzolashga kelishib olindi.

O‘zA