Germaniyada buyuk bobolarimiz siymosi yod etildi

Germaniyada buyuk bobolarimiz siymosi yod etildi

Kuni kecha mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasida buyuk shoir va mutafakkirlar: Alisher Navoiyning 583 yilligi va Zahiriddin Muhammad Boburning 541 yilligi munosabati bilan madaniy-ma’rifiy kecha o‘tkazildi.

Unda O‘zbekistonning Germaniyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Dilshod Axatov buyuk bobokalonimiz, o‘zbek tilining asoschisi Alisher Navoiy va ulug‘ shoir hamda davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi, ularning badiiy merosini asrab-avaylash va targ‘ib qilish borasida olib borilayotgan ishlarga alohida urg‘u berdi. Bugungi kunda ular yaratgan asarlarni nafaqat yurtimiz, balki xorijlik olimlar ham tadqiq etayotgani nihoyatda quvonarlidir.

Berlin davlat muzeyining Shimoliy Afrika, G‘arbiy va Markaziy Osiyo etnologiya muzeyi kuratori, doktor Melani Krebs Navoiy va Bobur g‘azallarini tinglash unga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etganini ta’kidladi.

– Bugungi tadbir menda juda katta taassurot qoldirdi. Tadbir dasturi juda boy, puxta va o‘ta mazmunli ishlangan, ya’ni ekspertlarning ulug‘ o‘zbek shoirlari haqidagi kichik, ammo qimmatli ma’lumotlarga boy ma’ruzalari, Navoiy va Bobur g‘azallari, sahna ko‘rinishlari, raqs va qo‘shiqlar adabiy kechani muvaffaqiyatli o‘tishiga xizmat qildi. Ayniqsa, o‘zbek tilida Navoiy va Bobur g‘azallarini tinglash, ularning o‘zbek tilidagi jarangi va ohangini eshitish bizga juda yoqdi. Bundan keyin ham bu kabi tadbirlar orqali men o‘zbek tilining she’riyatdagi go‘zalligini tinglashdan bahramand bo‘lishni xohlardim, – dedi u.