O‘zbekistonda Markaziy Osiyodagi birinchi eko-universitet — “Green University” ochildi

O‘zbekistonda Markaziy Osiyodagi birinchi eko-universitet — “Green University” ochildi

Mintaqada ekologik muammolarga yechim taklif qila oladigan mutaxassislarni tayyorlash maqsadida O‘zbekistonda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (“Green University”) tashkil etildi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti — “Green University” ta’sischisidir.

Toshkent viloyatida mazkur universitetning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) Bosh direktori Gretel Agilar, O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va boshqalar “Green University”ning mintaqadagi ekologik muammolarni hal qilishdagi o‘rni haqida fikr bildirdi.

– Universitet ochilishi ekologik ta’limni rivojlantirishga xizmat qiladigan yirik mintaqaviy tashabbus bo‘ldi, – deydi Gretel Agilar. – Ushbu universitet biologik xilma-xillikning yo‘qolishi, iqlim o‘zgarishi va ifloslanishning uch karra sayyoraviy inqirozini hal qilishda yordam beradi. Ekologik ta’lim orqali universitet boy tabiatga ega mintaqani asrashga xizmat qiladi.

Qayd etish lozimki, universitet davlat oliy ta’lim muassasasi bo‘lib, “Hub and Spoke” tamoyili asosida faoliyat olib boradi. Ushbu model strategik va o‘zaro manfaatli hamkorlik, yaxlit o‘quv tizimini yaratish, resurslarni optimallashtirish, talabalar va mutaxassislarning harakatchanligiga asoslanadi. Shuningdek, mahalliy mutaxassislar salohiyatini oshirish, bilim va tajriba almashishga yordam beradi. Hozirgi kunda hamkorlik uchun universitetga Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, AQSH va boshqa davlatlar xalqaro universitetlarining turli professorlari jalb etilmoqda.

– O‘zbekiston ekologiya ifloslanishidan eng ko‘p zarar ko‘rayotgan hududlar sirasiga kiradi, – deydi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov. – Shundan kelib chiqib bu boradagi manfaatlarimizni xalqaro tashkilotlar darajasida faol tarzda himoya qilib borishimiz kerak. Tadbir davomida Markaziy Osiyo davlatlaridan 5 ta alohida guruh tashkil qilindi. Bu tashabbus O‘zbekiston tomonidan ilgari surildi. Mazkur guruh orqali ekologiya sohasidagi dolzarb masalalar, o‘z yechimini kutayotgan muammolar xususida muhokamalar tashkil etiladi, takliflar bildiriladi. Guruhda O‘zbekiston tomonidan ham qat’iy qarorlar taqdim etiladi. “Green University”da xalqaro olimlar ishtirokida Markaziy Osiyoda yillar davomida yig‘ilib qolgan ekologik muammolarga yechim topish maqsadida ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqiladi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, “Green University”da ta’lim davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida tashkil etiladi. Yetakchi, e’tirof etilgan xalqaro imtihon tizimlari (TOEFL, IELTS, CEFR, SAT General, SAT Subject va boshqa) sertifikatlariga ega abituriyentlar tegishli fanlardan eng yuqori ball oladi va ushbu fanlardan imtihondan ozod qilinadi.

Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari uchun bakalavr ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kamida 25 ta hamda magistratura va doktorantura (PhD) mutaxassisliklari bo‘yicha kamida 20 ta grant o‘rinlari ajratiladi. Universitetni tamomlagan O‘zbekiston fuqarolari Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Milliy kadrlar zaxirasiga, 5 yillik ish stajiga ega bo‘lgandan keyin mutaxassisligi bo‘yicha rahbar lavozimlarga tayinlanadigan istiqbolli nomzodlar ro‘yxatiga kiritiladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA