Xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish kuchaytiriladi

Xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish kuchaytiriladi

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasida xavfsizlik va tashqi siyosat, suv resurslarini oqilona boshqarish, atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirish belgilangan.

Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi majlisida loyihada ko‘zda tutilayotgan shu kabi yo‘nalishlar muhokama qilinishi bilan birga, uni yanada takomillashtirish xususida fikr yuritildi.

Senatorlar qo‘mitaning maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda, dastur loyihasida tashqi siyosat, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va turizmni rivojlantirish bilan bog‘liq vazifalarni atroflicha tahlil qildi.

Jumladan, joriy yilda tashqi va ichki turizmni rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratish, to‘rtta yirik turizm klasterini shakllantirish orqali xorijiy sayyohlarning umumiy sonini 10,5 millionga yetkazish bo‘yicha keng ko‘lamli vazifalarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, Davlat dasturida tashqi iqtisodiy va investitsiya faoliyatining qonunchilik bazasini yanada takomillashtirish, umumiy qiymati 18 milliard dollarlik 309 investitsiya loyihasini ishga tushirish ko‘zda tutilgan.

Xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirishga, jumladan, konsullik xizmatlari ko‘rsatishni takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

Muhokama chog‘ida senatorlar va mahalliy vakillik organlari deputatlari Davlat dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda tegishli vazirlik va idoralar bilan yaqindan hamkorlik qilishga tayyor ekani alohida ta’kidlandi.

Muhokama yakunlari bo‘yicha Davlat dasturi loyihasi bo‘yicha qator taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

N.Abduraimova, O‘zA