29 yanvar – O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilgan kun

29 yanvar – O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilgan kun

Koreya Respublikasi Markaziy Osiyo davlatlarining ishonchli va vaqt sinovidan o‘tgan hamkoridir. Bugun O‘zbekiston va Koreya Respublikalari o‘rtasida diplomatik aloqa o‘rnatilganiga 32 yil to‘ldi. Shu davr ichida strategik sheriklik barqaror tus oldi. Bu jarayonga oliy va yuqori darajadagi samarali siyosiy muloqot ko‘p jihatdan yordam berdi.

2023 yili sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasi doirasida Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Yun Sok-Yol o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida davlatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik yo‘lida yangi iqtisodiy kun tartibini yaratish muhimligi ta’kidlandi.

Ayni payt O‘zbekistonda Janubiy Koreya bilan hamkorlikda tashkil etilgan mingga yaqin qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda, ushbu davlatning mamlakatimizga kiritgan sarmoyasi 7 milliard dollardan oshdi.

O‘zaro savdo va sarmoya ko‘rsatkichi muntazam o‘smoqda. Tovar ayirboshlash miqdori 24 foiz ortdi. Erkin savdo shartnomasini tuzish bo‘yicha muzokara faol bosqichda. Savdo va investitsiyani osonlashtirishga qaratilgan asos dasturi imzolandi. Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan sermahsul sheriklik izchil kengaymoqda.

Shu o‘rinda Seulning nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyoning barcha davlatlari iqtisodiyotini modernizatsiya qilishga qo‘shgan va qo‘shayotgan ulkan hissasini alohida ta’kidlash joiz.

Ekspertlar fikricha, Koreya sarmoyasi tufayli avtomobilsozlik, kimyo, metallurgiya, neft-gaz, axborot-kommunikatsiya va boshqa ko‘plab sohalar rivoji jadal sur’at oldi. KOICA ko‘magida mintaqada turli ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalar amalga oshirilyapti.

Diplomatik munosabat o‘rnatilgandan beri Markaziy Osiyo davlatlari bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi savdo aylanmasi 600 barobar ko‘paydi: 1992 yildagi 15 million dollarlik ko‘rsatkich 2022 yil yakunida 9 milliard dollarga chiqdi. Mazkur davlatning mintaqaga kiritgan jami sarmoyasi 15 milliard dollardan oshdi.

Madaniy-gumanitar aloqalar faol rivojlanmoqda. Bu jarayonda Markaziy Osiyo mamlakatlarida yashovchi va 300 mingdan ziyod kishini tashkil etuvchi yirik koreys diasporasi eng muhim tarkibiy qism hisoblanadi.

O‘z navbatida, mintaqa yoshlari koreys madaniyatini jiddiy qiziqish bilan kuzatmoqda – til o‘rganishdan tortib, musiqa tinglash va koreys filmlarini tomosha qilishgacha. Mazkur yo‘nalishda Markaziy Osiyo mintaqasidagi Koreya ruhini o‘zida jamlovchi madaniyat va til markazlari muhim o‘rin egallaydi.

Muntazam o‘tkazib kelinayotgan “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” hamkorlik forumi yig‘ilishlari qo‘shma loyihalarni muhokama qilish uchun samarali maydon vazifasini o‘tamoqda.

O‘zA