Ma’rifatparvarning so‘nggi vasiyati

Ma’rifatparvarning so‘nggi vasiyati

Mahmudxo‘ja Behbudiy tavallud topgan kun

Buyuk ma’rifatparvar adib, alloma va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiy 1875 yili 19 yanvar kuni Samarqand shahrida muftiy oilasida dunyoga keldi.

Ziyolilar oilasidagi muhit undagi adabiyotga, siyosatga, ma’rifatga bo‘lgan qiziqishning tezroq ro‘yobga chiqishiga sabab bo‘ldi. Uning otasi Islom huquqshunosligi bo‘yicha yirik mutaxassis bo‘lib, bu borada ko‘plab kitob va risolalar yaratgan edi.

Bu o‘z navbatida Mahmudxo‘jaga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qo‘ymadi. Bu haqda u o‘z maqolalaridan birida otasi ta’lim bergan «Hidoya» (Islom huquqiga sharhlar) asari uning taqdirida muhim rol o‘ynaganini qayd etgan.

Mahmudxo‘ja Behbudiy adabiyot, tarix fanlari qatori siyosatshunoslik bilan ham jiddiy shug‘ullandi.
Ro‘znoma va oynomalar orqali jahonda sodir bo‘layotgan siyosiy voqealar bilan yaqindan tanishib bordi. U Makkaga borish maqsadida arab tilini o‘rganishga kirishib, Islom tarixi va nazariyasi bilan shug‘ullana boshlaydi. 1902 yilda Makkaga borib, xo‘ja va mufti unvonlariga ega bo‘lib qaytadi.
So‘ngra Qozon va Ufa shaharlarida bo‘lib, Yevropa madaniyati bilan ham qiziqadi.
O‘sha davrdagi Qozon, Orenburgda chiqadigan arab imlosidagi jarida va ro‘znomalar bilan hamkorlik qiladi. Uning qator maqolalari ham mazkur ro‘znoma va oynomalarda chiqa boshlaydi. Maktab, maorif, madaniyat, ma’rifatparvarlik g‘oyalarining targ‘iboti ushbu maqolalarning markazida turardi.
Behbudiy dunyoqarashida Rossiyadagi eng nufuzli bo‘lgan Kadetlar partiyasining a’zolari bilan uchrashuv va ular harakatnomalarining ta’siri katta bo‘ladi. 1910 yillarga kelib, o‘lkamizda «Sho‘roi Islomiya», «Ulamo», «Adolat»,«Yosh buxoroliklar» kabi firqalar paydo bo‘ladi. 1912-1913 yillarda Behbudiy Samarqandda «Samarqand» ro‘znomasi, «Oyna» jaridasi chiqishida jonbozlik ko‘rsatdi.
U 1914 yilda Turkiya va Misrga borib, u yerdan muhim kitoblar, o‘quv qo‘llanmalari keltiradi hamda yangi usuldagi maktab dasturi ustida ishlashga kirishadi. Biroq, u turli to‘siqlarga uchrab, «jadidchilik» rahnamosi, dahriy deb e’lon qilinadi.

Shunga qaramay, tatar mutafakkiri Ismoil G‘asprinlining ma’rifatchilik borasidagi ta’limotini qo‘llab-quvvatlab, o‘z o‘lkasida ham shunday ishlarni amalga oshirishga kirishadi.

Ko‘p o‘tmay, ma’rifatparvar sifatida xalq hurmatiga erishadi.
U bir qator jahon tillarini bilgan yuksak madaniyat sohibi bo‘lishi bilan birga, umuminsoniy madaniyatning tolmas targ‘ibotchisi ham bo‘lgan.

Adib sifatidagi ijod

Behbudiy adib sifatida o‘zining «Padarkush» dramasini yaratgan. Unda turkistonlik yoshlarni Yevropa ilmgohlarida o‘qitishni targ‘ib qilgan. Mazkur asar o‘z davrida Abdulla Qodiriyning «Baxtsiz kuyov», Mirmuhsin Fikriyning «Befarzand Ochildiboy», Hamza Hakimzodaning «Yangi saodat» kabi asarlarining yaratilishiga ham ta’sir ko‘rsatgan. Hatto u Amerikaning Kaliforniya dorilfununida tarjima qilingan.

Bundan tashqari, Behbudiy o‘zbek va tojik tillarida ikki yuzdan ortiq maqola va asarlar yaratgan. Jumladan, «Muntaxabi jug‘rofiyai umumiy» («Qisqacha umumiy jug‘rofiya»), «Kitobul atfol» («Bolalar uchun kitob»), «Muxtasari tarixi islom» («Islom qisqacha tarixi»), «Xamaliyoti islom», «Rossiyaning qisqacha geografiyasi» kabi darsliklar va kitoblar yozgan.

Uning maqolalari 1901 yildan boshlab «Turkiston viloyatining gazeti», «Taraqqiy», «Xurshid», «Shuhrat», «Tujjor», «Osiyo», «Hurriyat», «Turon», «Sadoi Turkiston», «Ulug‘ Turkiston», «Najot», «Mehnatkashlar tovushi», «Tirik so‘z», «Tarjimon», «Sho‘ro», «Vaqt», «Toza hayot», «Samarqand», «Oyina» kabi ro‘znoma va oynomalarda chop etilgan.

Albatta, Behbudiy qozonayotgan bunday shuhrat hokim sinflar va amaldorlarning g‘ashiga tega boshlaydi.

1917 yilning oxiri 1918 yilning boshlarida jadidlar qurgan ilk demokratik davlatchilik namunasi Turkiston muxtoriyatining taqdiri hal bo‘layotgan bir paytda u o‘lka xalqlarini birlikka chaqiradi. Behbudiy ijtimoiy-siyosiy ishlarga qizg‘in qo‘shildi. Aslida bu faoliyat 1906 yildan boshlangan. Shu yili «Rusiya musulmonlari ittifoqi»ning Nijniy Novgorodda o‘tkazilgan qurultoyida qatnashgan edi. Toshkentda bo‘lib o‘tgan (1917) Turkiston musulmonlarining qurultoyida ishtirok etib, nutq so‘zladi. U musulmonlar orasidagi har qanday ixtilofga qarshi chiqdi. Behbudiy shu qurultoyda o‘lka musulmonlar sho‘rosining raisi etib saylandi. 1917 yil 26 noyabrda Qo‘qonda o‘lka musulmonlarining 4-favqulodda qurultoyi ish boshladi. 27 noyabrga o‘tar kechasi «Turkiston muxtoriyati» e’lon qilindi. Uning g‘oyaviy asoschilaridan biri Behbudiy edi.

U Buxorodagi inqilobiy kuchlarga xayrixohlikda ayblanib, Buxoro amirligi tomonidan 1918 yil qarshida qatl qilinadi. Qarshi shahri 20-30 yillarda Behbudiy nomi bilan atalib kelinadi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy 1956 yilga kelib oqlanadi. Hozirgi kunda u qoldirgan rang-barang adabiy-madaniy meros o‘z xalqi xizmatiga kirmoqda.

Sadriddin Ayniy o‘z yodnomalarida «Jafokash shoir Behbudiyning nomini musulmon Sharqi hurmat bilan tilga oladi, chunki u 20 yil mobaynida o‘zining ongi va insoniy qadru qimmatini bilgan barcha mavjudotni erkin hayot, nur va ma’rifat uchun kurashga chorlab keldi», deya qayd etadi.

So‘nggi vasiyat

Manbalarga ko‘ra, Behbudiy o‘limi arafasida izdoshlariga vasiyatnoma yozib qoldirgan (unda Siddiqiy, Fitrat, Akobir Mahdum, Vadud Mahmud, Abdulqodir Shakuriy bilan birga Ayniyning nomi ham zikr etiladi). “Maorif yo‘lida ishlayturg‘on mualimlarning boshini silangizlar! Maorifg‘a yordam etingiz! O‘rtadan nifoqni ko‘taringiz! Turkiston bolalarini ilmsiz qo‘ymangiz! Har ish qilsangiz jamiyat ila qilingiz! Hammaga ozodlik yo‘lini ko‘rsatingiz!” deb xitob qiladi ulug‘ ma’rifatparvar so‘nggi maktubida.

Abdulaziz RUSTAMOV tayyorladi, O‘zA