Italiyaning O‘zbekistondagi elchisi: Biznes-forum – jadal hamkorlikning boshlanishi

Italiyaning O‘zbekistondagi elchisi: Biznes-forum – jadal hamkorlikning boshlanishi

Bugungi kunda Italiya va O‘zbekiston iqtisodiy hamkorligi tobora rivojlanmoqda. Yurtimizda ushbu davlat bilan qo‘shma korxonalar soni muntazam ortmoqda, tovar aylanmasi ko‘lami kengaymoqda.

– Mazkur biznes-forum mamlakatlarimiz uchun ulkan iqtisodiy voqea, – deydi Italiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Agostino Pinna. – Tadbir iqtisodiy munosabatimizga yangi kuch berishi shubhasiz. Bu izchil hamkorlikning boshlanishi. Ishonchim komilki, Shavkat Mirziyoyevning Italiyaga tarixiy tashrifidan so‘ng mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali do‘stona hamkorlik yangi bosqichga ko‘tariladi.

Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri o‘rinbosari Edmondo Chiriyelli Italiya ishbilarmon doiralarining O‘zbekistonga qiziqishi ortib borayotganini alohida ta’kidladi. Prezidentning Italiyaga rasmiy tashrifi – tarixiy voqea, siyosiy va biznes masalalariga boy kun tartibi, ko‘p tomonlama sheriklikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan sa’y-harakatlar esa munosabatlarimiz yuksak darajasining ifodasi ekanini e’tirof etdi.

– O‘zbekiston Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi ko‘prik, sheriklik nuqtai nazaridan strategik ahamiyatga, ulkan salohiyatga ega davlat, – dedi janob Chiriyelli. – Biz davlatingiz dunyo taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishini qo‘llab-quvvatlaymiz va ko‘p tomonlama munosabatni chuqurlashtirishga tayyormiz. Tadbirkorlar zamonaviy texnologiya, yuqori sifatli mahsulotlar taklif etib, katta qiziqish bildirib, hamkorlik qilishga tayyor. Demak, o‘zaro hamkorlik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishimiz kerak.
O‘z navbatida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov forum ishtirokchilariga qutlov so‘zi bilan murojaat qilar ekan, hamkorlikni chuqurlashtirishning bor imkoniyatini muhokama qilish nuqtai nazaridan bunday miqyosdagi tadbirlarni o‘tkazib turish muhimligini, mamlakatimiz Yevropa Ittifoqidagi eng yirik savdo sheriklardan biri – Italiya bilan har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratayotganini ta’kidladi.

Savdo va investitsiya, sanoat kooperatsiyasi sohasida erishilgan natijalar tilga olindi. Xususan, so‘nggi to‘rt yilda O‘zbekistonga jalb etilgan Italiya investitsiyasi miqdori yetti, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan Italiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni esa ikki barobar oshdi. Asosiy hamkorlar orasida «Danieli», «Pietro Fiorentini», «Terranova», «Fin opera» kompaniyalari tegishliligicha metallurgiya, elektrotexnika sanoati, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritmoqda. Bularning bari ikki tomonlama hamkorlik sezilarli darajada faollashganidan, O‘zbekiston – Italiya munosabati mazmun va samaradorlik jihatidan yuksalib borayotgani ifodasidir.

Biznes-forumda Italiya kompaniyalari rahbarlariga O‘zbekistonning sarmoyaviy salohiyati taqdim etildi. Shuningdek, mamlakatimizda tadbirkorlik va xorijiy investorlar faoliyati uchun qulay shart-sharoit yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi haqida so‘zlab berildi.
To‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish, metallurgiya, kimyo va avtomobilsozlik, elektronika uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlikning eng istiqbolli yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
Tadbir davomida V2V va G2VB shaklida uchrashuvlar o‘tkazilib, ishbilarmon doiralar vakillariga aniq investitsiya tashabbuslarini birgalikda hayotga tatbiq etishning amaliy jihatini muhokama qilish imkoni yaratildi. Iqtisodiyotning drayver yo‘nalishlari, investitsiyaviy salohiyatni aks ettiruvchi real holatlar muhokama qilindi.

Forum yakuni bo‘yicha energetika, qishloq xo‘jaligi, kimyo sanoati, charm-poyabzal, to‘qimachilik va mashinasozlik sanoati, ekologiya, transport va logistika, shuningdek, bank sektorini qamrab olgan investitsiyaviy bitimlar, savdo shartnomalari imzolandi.

Nazokat Rajabova,

O‘zAning Italiyadagi muxbiri