Buxoro yana bir xalqaro anjuman mezboni

Buxoro yana bir xalqaro anjuman mezboni

– Anjuman fan, ta’lim, madaniyat va biznes sohalarida elektron axborot resurslarini rivojlantirish va qo‘llashda axborot-kutubxona muassasalari, o‘quv yurtlari, arxivlar, muzeylar va boshqa tashkilotlarning hamkorligini yanada yaxshilash, kutubxonalar ishining muammolari, ularning innovatsion rivojlanish yo‘llarini izlashga qaratilgan, – deydi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshabayeva. – O‘zbekiston Milliy kutubxonasi axborot-kutubxona faoliyati bo‘yicha har yili an’anaviy “Central Asia: Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari” mavzusida xalqaro anjuman o‘tkazib keladi. Tadbir doirasida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlarning gumanitar hamkorligi bo‘yicha “Kitob va mutolaa – jamiyat taraqqiyotining strategik resursi” mavzusida forumi o‘tkaziladi. Ushbu yirik tadbirlarda respublikamizdagi axborot-kutubxona muassasalarining bugungi kundagi holati, sohaga oid qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosi, tajribalari, muammolari tahlil qilinib, istiqboldagi rejalari belgilab olinadi. Axborot-kutubxona faoliyati bo‘yicha qabul qilingan me’yoriy hujjatlarda qishloq aholisining barcha qatlamlarini kutubxona xizmati bilan qamrab olish, shuningdek, uzoq hududlarda istiqomat qiladigan aholi uchun ko‘chma kutubxonalar tashkil etish, hujjatlarni elektron yetkazib berish, axborot-kutubxona resurslaridan masofadan turib foydalanishni rivojlantirish, yakka va guruhli hamda ommaviy kitobxonlikni tizimli ravishda tashkil qilishni takomillashtirish, foydalanuvchilar o‘rtasida mutolaa madaniyatini oshirish, axborot-kutubxona muassasalari va mutaxassislarining imidjini yaxshilash o‘rin olgan.

Bundan tashqari, “Axborot-kutubxona a’lochisi” ko‘krak nishoni ta’sis etilgan. Bu yilgi anjumanda axborot-kutubxona sohasi rivojiga, aholiga axborot-kutubxona xizmatlari ko‘rsatishning yangi tizimini yaratish, kutubxonalarda saqlanayotgan milliy madaniy merosni asrab-avaylash va boyitish ishlariga munosib hissa qo‘shgan, jamiyatda mutolaa madaniyati, kitobxonlikni keng targ‘ib qilish va yosh mutaxassis kadrlar tayyorlash borasida samarali mehnat qilgan hamda bu yo‘nalishda yuqori natijalarga erishgan fuqarolarni rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan. 1948 yilda kutubxonaga buyuk o‘zbek shoiri Alisher Navoiy nomi berilgan. 2012 yil 20 martdagi Prezidentimizning "Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi – Axborot-resurs markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi qaroriga muvofiq kutubxona tarkibi yangilandi. Uning bo‘limlari va xizmatlari takomillashtirildi. Vazifalar doirasi kengaytirildi. Kutubxona hozirgi kunda mamlakatdagi barcha axborot-kutubxona muassasalari uchun markaziy va metodik markaz bo‘lib xizmat qilmoqda.

Konferensiya doirasida axborot-kutubxona, nashriyot-matbaa va kitob savdosi sohalari mutaxassislarining Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlarida kitob va kitobxonlikni targ‘ib qilish va ommalashtirish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarini birlashtirish, mutolaa madaniyatini rivojlantirish bo‘yicha eng muvaffaqiyatli metodik ishlanmalar, loyihalarni ishlab chiqish va aniqlash maqsadida “Kitob va mutolaa jamiyat rivojlanishidagi strategik resursi” hamdo‘stlik II-forumi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Tadbirga Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Armaniston, Turkiya, Qozog‘iston, Rossiya, Tojikiston, Belorus, AQSH, Niderlandiya, Litvadan soha mutaxassislari onlayn va oflayn ishtirok etadi. Konferensiya dasturi doirasida kitobxonlik masalalari, kutubxonachilik oldida turgan istiqboldagi vazifalar hamda sohada o‘z yechimini kutayotgan masalalarga bag‘ishlangan ilmiy sho‘balar, amaliy seminarlar, mahorat darslari onlayn va oflayn tashkil etiladi. Bu yilgi konferensiya o‘tgan yildagilaridan kitob va kitobxonlik masalalariga, sohadagi muammolarga, kutubxonachi kadrlar masalalariga, kutubxonalarda ilmiy-metodik faoliyat holatiga, ilmiy faoliyat yuritishda jahon axborot resurslaridan foydalanishning muhimligiga alohida e’tibor qaratilishi bilan ahamiyatlidir.

Matbuot anjumanida Rossiya milliy kutubxonasi bosh direktori V.Gronskiy "Rossiya milliy kutubxonasida O‘zbekiston materiallarining fondi" to‘g‘risidagi takdimoti bilan katnashdi. Anjuman doirasida Abu Ali Ibn Sino nomidagi Buxoro viloyati axborot-kutubxona markazi hamda "Rossiya milliy kutubxonasi" federal davlat byudjeti muassasasi o‘rtasida memorandum imzolanishi rejalashtirilgan.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA