Ekspertlar YeTTB anjumanini qanday baholadi?

Ekspertlar YeTTB anjumanini qanday baholadi?

Ekspertlar – iqtisodiyot va moliya sohasi vakillari anjumanning ahamiyati, muhokama qilinayotgan dolzarb masalalar xususida o‘z fikrlarini bildirishdi.

– Biz moliya instituti sifatida 2017 yildan yurtingiz iqtisodiyotiga sarmoya kirita boshlaganmiz, – deydi Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Aliks Drakinos. – Hamkorligimiz yildan-yilga mustahkamlanib, natija yaxshilanib borayotganidan mamnunmiz. Bu mamlakatda iqtisodiyotni erkinlashtirish, biznesga keng yo‘l ochish, sohada qonun ustuvorligini ta’minlash yo‘lida qilinayotgan ishlar samarasidir. Biz mavjud imkoniyatdan foydalanib, respublikani iqtisodiy jihatdan kuchaytirish, xalq farovonligini oshirishga qaratilgan har qanday tashabbusni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Ekspertlar fikriga ko‘ra, anjuman global iqtisodiyot istiqbolini keng muhokama qilish, tahlil olib borish uchun samarali maydon yaratdi. Xususan, energetika xavfsizligini ta’minlash va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish, “yashil” iqtisodiyot dasturini ilgari surish singari muhim masalalar forumning dolzarb mavzulariga aylandi.

– Xalqaro moliya institutlari O‘zbekistonga ishonmoqda, – deydi iqtisod fanlari nomzodi Dilafro‘z Usmonova. – Buning amaldagi ifodasi namoyon bo‘layotgan mana shunday anjumanlarda ko‘plab masalalar o‘rtaga tashlanadi, muammolarga yechim topiladi. Muhokamalarda “yashil” iqtisodiyotni moliyalashtirish, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash mavzulari ham ko‘tarilyapti. Hozirgi transformatsiya jarayonida raqamlashtirishni moliyalashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu ma’noda tadbir mamlakatimizning mavjud moliyaviy imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. Yangi mahsulot va xizmatlarimizni jahon bozoriga taqdim etamiz.

Anjuman doirasida tashkil etilgan tadbirlarda mutaxassislar fuqarolik jamiyatini ravnaq toptirish, barcha sohalarda ko‘zlangan marraga yetishda qat’iy intilish muhimligini ham ta’kidladilar.

– Mazkur tadbirda turli-tuman mavzular ko‘tarildi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi loyiha rahbari Aziza Umarova. – Ma’lumki, Markaziy Osiyo davlatlarida fuqarolik jamiyatini kuchaytirish orqali kelajakda amalga oshiriladigan loyihalarga ularni keng jalb qilish ko‘zda tutilgan. Sababi, fuqarolik jamiyati vakillari bu haqda to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishi kerak. Bu mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiladi. Shuningdek, inson huquqlari mavzusi tahlil etilgan yig‘ilish ham istiqbolda, albatta, samara beradi.

Ikrom Avvalboyev, O‘zA