O‘zbekiston va Pokistonning tranzit salohiyatidan to‘liq foydalanish imkoniyatlari o‘rganildi

O‘zbekiston va Pokistonning tranzit salohiyatidan to‘liq foydalanish imkoniyatlari o‘rganildi

Xususan, Pokiston Islom Respublikasi savdo vaziri Sayyid Navid Qamar, uning birinchi o‘rinbosari Sualeh Ahmad Faruqiy, milliy oziq-ovqat xavfsizligi va tadqiqotlar vaziri Tariq Bashir Cheyema, moliya vaziri Ishaq Dar, rejalashtirish, rivojlanish va maxsus tashabbuslar vaziri Ahsan Iqbol, temir yo‘llar vaziri Xavaja Saad Rafiq bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvlarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha qo‘shma dasturni qabul qilish va kelgusida amalga oshirish, imtiyozli savdo bitimi yuzasidan kelishish ishlarini yakunlash va uni kuchga kirishini ta’minlash jihatlari ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, tranzit savdosi to‘g‘risidagi bitim imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish kabi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. To‘qimachilik sanoati, qurilish materiallari, mineral o‘g‘itlar, maishiy texnika ishlab chiqarish, uy-joy qurilishi, fan-texnika, turizm sohalarida umumiy qiymati 500 million dollardan ortiq bo‘lgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rish, shuningdek, kimyoviy mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berishga kelishildi.

MDH davlatlari, Janubiy, Janubi-Sharqiy Osiyo va Afrika mamlakatlari bozorlariga birgalikda mahsulotlarni chiqarishni nazarda tutgan holda O‘zbekiston va Pokistonning tranzit salohiyatidan to‘liq foydalanish lozimligi qayd etildi. Shu munosabat bilan Karachi va Gvadar portlarida O‘zbekiston kompaniyalari tomonidan off-dock terminallarni ijaraga olish imkoniyati o‘rganildi.

Tomonlar O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish, shakar va sut mahsulotlari eksportini yo‘lga qo‘yish va ishlab chiqarilishini tashkil qilish, qo‘shma sholi yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari va echki fermalarini tashkil etish masallarini nazarda tutgan holda, qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik istiqbollarini tahlil qildi.

Pokiston tomoni muhokama qilingan tashabbuslarga har tomonlama yordam ko‘rsatishga, fitosanitariya nazorati bo‘yicha yagona qoidalarni joriy etishga, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoniga texnik va maslahat yordamini kengaytirishga hamda mintaqaviy transport-logistika loyihalarini amalga oshirish doirasida hamkorlikni kuchaytirish va mintaqadagi manfaatdor davlatlarni ham ushbu jarayonga jalb etish yuzasidan munosabatlarni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

Tashrif doirasida Bosh vazir o‘rinbosari Pokistonning “TCS Logistics”, “Nishat Group”, “Ejaz Group”, “Fotima Group”, “All Pakistan Textile Mills Association”, “Getz Pharma”, “Najeeb Fibres”, “Wah Nobel Group”, “AKD Group”, “Jazz”, “Sarhad” savdo-sanoat palatasi, “Alam Match” va boshqa kompaniyalar rahbarlari va ishbilarmon doira vakillari bilan ham uchrashdi. Uchrashuvlarda O‘zbekistonning investitsiyaviy muhiti, xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va aniq loyihalar taqdim etildi.

Muloqot yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston tomoni qo‘shma sarmoyaviy loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

O‘zA