O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1 mlrd dollarga yetkaziladi

O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1 mlrd dollarga yetkaziladi

Jumladan, J.Xo‘jayev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ikki davlatning asosiy vazirlik va idoralar rahbarlari ham ishtirok etdi.

Suhbat chog‘ida ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi ishonch va o‘zaro hurmatga asoslangan O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar strategik xususiyatga ega ekani alohida qayd etildi. Pokiston hukumati rahbarining joriy yilning sentyabr oyida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish maqsadida O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi ikki tomonlama hamkorlik rivojlanishiga kuchli turtki berdi.

Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan SHHT sammiti doirasida ikki davlat rahbarlarining uchrashuvida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, sanoat, ilmiy-texnikaviy sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi izchil o‘sib bormoqda. Bu ko‘rsatkich 2016 yildan buyon 5 barobar oshgan. Shu nuqtai nazardan, ikki mamlakatning savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va o‘zaro savdo hajmini bir necha barobar oshirish borasidagi katta imkoniyatlar mavjud. Bunda joriy yilning mart oyida imzolangan Tranzit savdosi to‘g‘risidagi bitim ko‘p jihatdan qo‘l kelayapti. O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini yaqin kelajakda 500 million va bir necha yil ichida 1 milliard dollarga yetkazish imkonini beruvchi hujjat – Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim yuzasidan kelishish va uni imzolash bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarning o‘zaro hamkorligini faollashtirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

O‘zaro munosabatlarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida yirik mintaqaviy transport-logistika loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni faollashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Texnik-iqtisodiy jihatlar bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning bugungi holati, dala tadqiqotlari, mintaqaning boshqa davlatlari bilan hamkorlikda tashabbuslarni ilgari surishning moliyaviy, texnik va tashkiliy jihatlari ham muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ikki mamlakat vazirliklari va idoralari hamda ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni faollashtirish asosida ko‘p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish va sheriklikni kengaytirish dinamikasini saqlab qolishga kelishildi. Buning uchun 2023 yil boshida Toshkent shahrida O‘zbekiston – Pokiston hukumatlararo komissiyasining navbatdagi uchrashuvini o‘tkazish bo‘yicha kelishib olindi.

O‘zA