Buxoro viloyati va Qozog‘iston Respublikasi hamkorligi yuksalmoqda

Buxoro viloyati va Qozog‘iston Respublikasi hamkorligi yuksalmoqda

– Viloyatning Qozog‘iston Respublikasi ishbilarmon doira vakillari bilan hamkorligi o‘z samarasini bermoqda, – deydi Buxoro viloyati Investitsiya va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Feruz Husenov. – Jumladan, Qozog‘iston Respublikasi kompaniyalari hamkorligida turli sohalarda amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar natijasida viloyatda “Gala-river” MCHJ qo‘shma korxonasi, “ADM tekstil buxoro” MCHJ xorijiy korxonasi, “Holding un Buhara” MCHJ, “Brick manufacturing plant” MCHJ, “Rozi oil solutions” MCHJ, “Favorite kuchatlar” MCHJ, “Yusuf agroproduct” MCHJ shaklidagi xorijiy korxonalar faoliyat yuritmoqda

Qozog‘iston Respublikasi Buxoro viloyati bilan tashqi savdo aylanmasida yuqori ulushga ega bo‘lgan 10 ta davlatlardan biri hisoblanadi. 2019 yilda Buxoro viloyati va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro tashqi savdo aylanmasi 40,4 million dollarni tashkil etgan. 2018 yilga nisbatan 3,2 foizga o‘sgan. Shu jumladan, eksport hajmi 22,1 million dollar va import hajmi 18,3 million dollarga yetgan. 2020 yilda pandemiyaga qaramay, Buxoro viloyati va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro tashqi savdo aylanmasi 62,8 million dollarni tashkil etdi. 2019 yilga nisbatan 7,5 foizga o‘sdi. Eksport hajmi 11,9 million dollar va import hajmi 50,9 million dollarga yetdi. 2021 yilda pandemiya davrida Buxoro viloyati va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro tashqi savdo aylanmasi 41,3 million dollarni tashkil etgan.

Shu jumladan, eksport hajmi 7,4 million dollar va import hajmi 33,9 million dollarga yetdi. Joriy yilning 10 oyi mobaynida Buxoro viloyati va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro tashqi savdo aylanmasi 97,5 million dollarni tashkil etadi. Bu esa 2021 yilning mos davriga nisbatan 3 baravarga o‘sgan. Shu jumladan, eksport hajmi 27,8 million dollar va import hajmi 75,7 million dollarga yetgan. Amalga oshirilgan eksport tarkibini meva-sabzavot mahsulotlari, to‘qimachilik mahsulotlari, oziq-ovqat mahsulotlari, gigiyena vositalari, jun, mo‘yna, teri hamda tosh, gips va sementdan yasalgan buyumlar tashkil qiladi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari (bug‘doy, arpa, makkajo‘xori, soya), neft va neft mahsulotlari (kerosin, dizel bitum, motor moyi), oziq-ovqat mahsulotlari (makaron, un, kungaboqar yog‘i), kimyo sanoati mahsulotlari import qilingan. Joriy yilda tashqi savdo aylanmasini 130 million dollarga yetkazish hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmini yanada oshirish rejalashtirilgan.

Ayniqsa, Buxoro viloyatiga O‘zbekiston Respublikasining Qozog‘iston Respublikasidagi elchixonasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish va tashqi savdo aylanmasini oshirish borasidagi hamkorligi natijasida ham bir qator investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, qiymati 10 million dollarga teng bo‘lgan 6 ta savdo shartnomalari imzolanishi kutilmoqda.

Xususan, “Buxara bilol” MCHJ korxonasi va TOO “Rauan Logistic” kompaniyasi o‘rtasida qiymati 7 million dollarga teng qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha savdo shartnomasi, “Fruits export-import trade” MCHJ korxonasi va TOO “Dastan-2022” kompaniyasi o‘rtasida qiymati 2 million dollarga teng qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha savdo shartnomasi, “Knauf Gips Buxara” MCHJ xorijiy korxonasi va TOO “Stroytorg-Ekspo” kompaniyasi o‘rtasida qiymati 600 ming dollarga teng qurilish materiallarini yetkazib berish bo‘yicha savdo shartnomasi, “Shoxrud Buxara” aksiyadorlik jamiyati va TOO “Vinzavod Dionis” kompaniyasi o‘rtasida 300 ming dollarga teng vino mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha savdo shartnomasi imzolanishi belgilangan.

Zarif Komilov,

Tohirjon Istatov (surat), O‘zA