Imom Buxoriyning “At-tarix-us-sag‘ir”asari ilk marta o‘zbek tiliga tarjima qilindi

Imom Buxoriyning “At-tarix-us-sag‘ir”asari ilk marta o‘zbek tiliga tarjima qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan buyuk alloma bobomiz Imom Buxorining ilk bor o‘zbek tiliga tarjima qilingan “At-tarix-us-sag‘ir” (Kichik tarix) asariga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.

Ushbu markaz direktori, taniqli olim Shovosil Ziyodov mazkur durdona asar xususida quyidagilarni so‘zlab berdi:

– Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan muhaddislar sultoni – Imom Buxoriyning islom olamida mashhur bo‘lgan “At-tarix-us-sag‘ir” (Kichik tarix) asari ilk marta o‘zbek tiliga tarjima qilindi.

Imom Buxoriyning “At-tarixul-kabir” (Katta tarix), “At-tarixul avsat” (O‘rta tarix) va “At-tarixus-sag‘ir” (Kichik tarix) nomli 3 ta kitobi mavjud bo‘lib, tarjima qilingan asar hadis rivoyat qilgan mashhur sahobalar va ularning izdoshlari haqida yozilgan ilk kitoblardan biri hisoblanadi.

Imom Buxoriy kitobning dastlabki nusxasini 18 yoshida yozib tugatgan va butun umri davomida to‘ldirib borgan. Uning ustozi Is’hoq ibn Rohavayx uning tarix kitoblariga “har qanday kishini sehrlab qo‘yadigan asar”, “aql bovar qilmas kitob” deya yuksak baho bergan.

Muallif mazkur asari orqali hadislarning bizgacha yetib kelish yo‘llarini aniqlab, ularning darajalari bo‘yicha tartibga solishning ilmiy uslublarini yaratib bergan.

Asar 42 bobdan iborat bo‘lib, 2997 nafar hadis rivoyat qiluvchilar haqida ma’lumot beradi. Unda o‘quvchiga tushunish oson bo‘lishi uchun 305 ta izoh va sharh, 145 ta tushuntirish yozilgan, 150 ga yaqin geografik joy nomlari berilgan. Kitob hadis ilmi va hadis rivoyat qiluvchilar tarixi bilan shug‘ullanuvchi tadqiqotchilar uchun mo‘ljallangan qimmatli ilmiy manba hisoblanadi.

Tarjima ishlari Misr, Turkiya va Rossiyadagi taniqli islomshunos olimlar bilan muntazam ilmiy maslahatlashuvlar asosida amalga oshirildi.

Mazkur kitob nufuzli ulamolar, islomshunos olimlar tomonidan yuqori baholanib, ijobiy taqrizlar berildi.

Kitob Xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Musulmonlar idorasining yetakchi mutaxassislari tomonidan tahrir qilinib, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ekspertizasidan o‘tkazildi.

Yaqin istiqbolda kitob “Vaqf” fondi mablag‘lari hisobiga chop etiladi hamda xorijiy va mahalliy ilmiy doira vakillari, keng jamoatchilik uchun taqdimotlari tashkil qilinadi.

Shuningdek, kitob Turkiyadagi islom tadqiqotlari markazi, Misrning Al-Azhar universiteti, Rossiyaning sharqshunoslik instituti, Buyuk Britaniyaning Oksford islom tadqiqotlari markazi, Birlashgan Arab amirliklaridagi Juma al-Majid fondiga arab, ingliz va rus tillaridagi annotatsiyasi bilan yuboriladi.

Ushbu kitob Imom Buxoriy to‘plagan hadislarni tanqid qilayotgan ba’zi johil shaxslarga ilmiy asoslangan manba vazifasini bajaradi.

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan Allomalar ilmiy merosini tadqiq etish va keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ijrosi yuzasidan islom ma’rifati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk alloma ajdodlarimiz asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish, xalqimizga yetkazish va xalqaro ilmiy doiralarda keng targ‘ib qilish bo‘yicha ishlar tizimli tarzda davom ettirilmoqda.

N.Usmonova, O‘zA